13:00 / 14.11.2016
7 556

Donald Tramp: “Yaqin Sharqdagi beqarorlikka Amerika sababchi bo‘ldi”

Donald Tramp: “Yaqin Sharqdagi beqarorlikka Amerika sababchi bo‘ldi”

Kuni kecha CBS This morning ko‘rsatuvida ishtirok etgan qo‘shma shtatlarning yangi Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharq, IShID, Suriya va Putin bilan munosabatlar haqidagi savollarga o‘zining kutilmagan javoblari bilan ko‘rsatuv mezbonlarini hayratga soldi, deb yozadi Mulohaza.uz sayti.

Quyida u bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni to‘laligicha taqdim qilamiz.

Mezbon: Suriyadagi ahvol juda ham murakkab. Mudofaa kotibi Esh Karter Bryusselda etakchilarga, shu qatorda Arab davlatlariga ham Suriyada ishlar ko‘lamini oshirish kerakligini aytib o‘tdi. Ularning fikricha, ularga AQSh etakchiligi zarur va biz ko‘proq er usti qo‘shinlari jo‘natishimiz kerak. Biz er usti qo‘shinlari jo‘natishimiz kerakmi? (Nima deb o‘ylaysiz?)

Tramp: Men IShID masalasini juda muhim deb hisoblayman va Rossiyaning IShIDga hujum qilayotgani menga manzur va, mening fikrimcha, ular buni davom ettirishlari kerak.

Mezbon: Lekin siz Rossiya Suriyada nima qilayotganini bilasiz-ku. Rossiya biz (AQSh) qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlarga zarba beryapti.

Tramp: To‘g‘ri, lekin biz nega u guruhlarni qo‘llab-quvvatlayapmiz? Biz hatto ularning kimligini ham bilmaymiz. Men (AQSh) qo‘mondonlari bilan gaplashdim. Ularning aytishi bo‘yicha, biz milliard dollarlik qurol-aslahalarni biz hatto kimligini bilmaydigan odamlarga etkazib beryapmiz. Ko‘ryapsizmi? Biz mana shu pullarni, mana shu qurol aslahalarni biz umuman tanimaydigan odamlarga beryapmiz. Balki ular (Bashar) Assaddan ham yomonroq bo‘lishi mumkin. Assad yosh bola emas, lekin yaxshi ham emas. Ammo biz kimlarga madad beryapmiz?

Mezbon: Bilasizmi? Bu (Barak) Obamaning fikrlari, u ham biz qurol-aslahalarimiz kimning qo‘liga tushib qolayotganini bilmaymiz degan.

Tramp: Yaxshi, unda u nega bunday qilyapti? Axir u ko‘plab qurol-aslahalar etkazib beryapti. Biz esa Assadni yiqitmoqchi bo‘lgan guruhlarni qo‘llab quvvatlayapmiz. Rossiya va Eron esa hozir qudratga ega, biz ularni qudratga olib kelganmiz. Ular esa Assadni qo‘llab-quvvatlayapti. Biz IShIDni yo‘q qilishimiz kerak (Assadni emas). Biz odamlarni boshidan judo qilayotgan kallakesarlarni yo‘q qilishimiz kerak.

Mezbon: Aytishingizcha, sizning Putin bilan munosabatlaringiz yaxshi, yoki yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lar edingiz, haqiqatan shunday qilasizmi?

Tramp: O‘zimga qolsa, men Putin bilan yaxshi munosabatlarni yo‘lgan qo‘ygan bo‘lar edim. Yana kim biladi!

Mezbon: Siz Putinni Assadni hukumatdan chetlatishga ko‘ndira olasizmi?

Tramp: Menimcha ko‘pchilik bunga harakat qilyapti. Men Putinni ko‘ndira olamanmi? To‘g‘risini aytsam, men buni muhim deb hisoblamayman. Aytaylik, biz Assadni yoki uning hukumatini ag‘dardik ham deylik, keyinchi? Kim hokimiyatga keladi? Biz hozir qo‘llayotgan guruhlarmi? Keyin u erda ham Liviyadagi holat takrorlanadimi? To‘g‘rimi? Mana Kaddafini ag‘dardik. Ooo biz Kaddafini ag‘darishimiz kerak dedik. Qaranglar, nima bo‘ldi undan keyin?

Mezbon: Xo‘sh, sizningcha Kaddafini ag‘darish xato edimi?

Tramp: Ha, men uchun bu mutlaqo xato edi. Mana hozir nima bo‘layotganiga qarang. Hammayoq tartibsizlik. Hech kim nima bo‘layotganini bilmaydi. Mana Saddam Hussayn misol uchun. Biz undan ham qutuldik. To‘g‘ri u terrorchi edi… (mezbon gapini bo‘lib qo‘yadi)

Mezbon: Sizningcha, Kaddafidan qutulish va Saddam Husayndan qutulish – ikkisi ham xato edi, shundaymi?

Tramp: Agar biz hech nima qilmaganimizda, agar bizning siyosatchilarimiz (Yaqin Sharqning ishlariga aralashmasdan) plyajga borib, quyosh tagida toblanganlarida, ahvolimiz hozirgidan yaxshiroq bo‘lar edi. Saddam Husayn “yaxshi bola” emas edi, to‘g‘ri, lekin u terrorchilarni o‘ldirayotgan edi. Hozir Iroq terrorchilarning “Garvard”iga aylanib qoldi. Terrorchi bo‘lmoqchimisiz? Iroqqa boring, o‘zlari o‘rgatib olishadi. Saddam Husayn “yomon bola” edi. Biroq u boshqa narsa ham qilayotgan edi, u Eronni to‘sib turgan edi. U ko‘plab terrorchilarning harakatini to‘sib turgan edi. Men oldin ham aytgan edim. Avval ular (terrorchilar) harakatsiz edi, 10 fut bir tarafga 10 fut ikkinchi tarafga qimirlay olar edi, xolos. Mana Saddam Husayn ag‘darildi, (endi) nima bo‘ldi? Yaqin Sharqda butkul beqarorlik hukm suryapti, chunki biz Yaqin Sharqdagi (terrorchilarga qarshi) katta to‘siq bo‘lib turgan kuchni ag‘dardik.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Tramp: “Yaqin Sharqdagi beqarorlikka Amerika sababchi bo‘ldi”