01:33 / 10.09.2016
15 781

Islom Karimovning haydovchisi aytgan haqiqat (6-qism)

Islom Karimovning haydovchisi aytgan haqiqat (6-qism)

Buyuk shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov hikoya qiladi: — Islom Karimov juda halol va haqiqatparvar inson edi.
“Jannatga yo‘l” asarim yozilganda meni juda qiynashdi. Sovet davri edi. U paytlar jannat, do‘zax degan gaplar umuman ishlatilmasdi. Davlatni kommunistlar boshqarardi. Tabiiyki, ularga bunday gaplar yoqmas edi. Asarni hali qo‘lyozmalik paytidayoq o‘g‘irlab ketishdi. Xotiram shu qadar kuchli ekanki, yuz betlik she’riy dramani qayta yozib chiqdim. Men kim , sovet mafkurasining qarshisida jimitdekkina jonim bor, “puf” desa uchib ketardim. Zo‘rg‘a omon qolganman. Xalqimiz, she’riyat muxlislari meni qo‘llab turishdi. “Mushtum” jurnalida “Jannatga yo‘l” asarim ketma-ket bosildi. 17 kishi to‘planib olib ustimdan yuqoriga yozishdi:” Asarda nega poraxo‘rlik so‘zini ishlatding, sovet tuzumida poraxo‘rlik nima qiladi, sen atayin farovon turmushimizni buzib ko‘rsatayotirsan, buzg‘unchi va jamiyatimizga yot kimsasan”, deyishdi. Qattiq toshbo‘ron ostida qoldim. Ammo, ne ajabki oradan vaqt o‘tib, Qarshi Davlat dramatik teatri ushbu asarni sahnalashtirdi. Meni ham asar taqdimotiga taklif etishdi. To‘g‘risini aytsam, taqdimotga qatnashishga yuragim dov bermas edi. Lekin, hammadan jur’atliroq chiqqan teatr jamoasining taklifini rad qilolmas edim.
Buni qarangki, spektaklga o‘sha paytda Qashqadaryo viloyati obkomining birinchi sekratari bo‘lib ishlayotgan Islom Abdug‘anievich qatnashish istagini bildiribdilar. Battar og‘ir ahvolga tushdim. Islom Abdug‘anievich bu asarni qanday qabul qilishini bilmas edim. Kommunistlarni tanqid qilaman-u, kommunistlarning kattasi meni omon qo‘yarmidi, deb xavotirlana boshladim.

Islom aka bilan birinchi qatorda yonma-yon o‘tiribmiz, sahnadan “yulg‘ichlar, poraxo‘rlar, diyonatsizlar, xudosizlar” degan gaplar damba-dam eshitilib turibdi. Men esa, hozir Islom Abdug‘anievichning jahli chiqib ketsa, nima qilaman deb, yurak hovuchlab o‘tiribman. Asar tugadi. Bir payt Islom Abdug‘anievich o‘rinlaridan turdilar. Men ham sekin turdim. U kishi qulochlarini keng yozib, meni maxkam quchoqladilar. “Rahmat shoir, ayni haqiqatni yozibsiz !” – dedilar. Elkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. “Rahmat, Islom Abdug‘anievich rahmat !” deyaoldim. O‘pkam to‘lib ketgan edi, ortiq gapiraolmadim. “Juda yaxshi asar yozibsiz! Bu spektaklni hamma ko‘rishi kerak. Odamlar oilalarini, bola-chaqalarini olib kelib ko‘rishi kerak. Kursida o‘tirgan har bir amaldor ko‘rishi kerak. Odamlar haqiqatni bilsin!”-dedilar. So‘ng asarni sahnalashtirgani uchun teatr jamoasiga minnatdorchilik bildirdilar.
Islom akaning da’vati bilan qashqadaryoliklar ushbu dramani ko‘p vaqt tomosha qilib yurishdi. Men Islom akaga bag‘ishlab ko‘p she’rlar yozdim.

O‘shalarning biri ushbu she’rdir:
Mening mavjudligim o‘zimga kerak,
Taxtim, oilamning, balki taxtidir.
Islom aka, Siz bor, biz g‘olib, beshak
Sizning borligingiz xalqning baxtidir !

Islom aka haqiqatdan halol va pokiza inson edi. Yuqori mansabdorlar orasida yulg‘ich va poraxo‘r kimsalar sovet darvida ham ko‘plab topilardi. Toshkentdan viloyatlarga borib ishlab qaytgan amaldorlar qaytishida katta katta moshinalarni to‘ldirib, qimmatbaho boyliklar bilan qaytishardi. To‘plagan boyliklari tog‘day bo‘lardi. Ammo Islom Abdug‘anievich Qashqadaryoda eng yuqori birinchi martabali rahbar bo‘lib ishlab, Toshkentga hech vaqosiz qaytib kelgandi. Mening Suyun degan jiyanim Islom Karimovning shofyori edi. O‘sha menga hammasini ro‘yi-rost aytgan. Islom Abdug‘anievich qashqadaryoliklar bilan xayrlashib chiqqanida qo‘lida, ikkita mayka, ikkita ko‘ylak, bitta tufli solingan sumkadan boshqa hech narsa bo‘lmagan. Islom aka bilan hamisha birga bo‘lgan shofyor jiyanim Suyun bularning hammasidan voqif edi.

Islom Abdug‘anievich boylikka, pulga ruju qo‘ymagan, ta’magirlikka, poraxo‘rlikka qarshi kurashgan, xalq va millat dardi bilan yashagan fidoiy va mard, halollik timsoli, — deya so‘zini tugatdi, ulug‘ ustozimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov.

Shoir, Muhammad Ismoil
Manba: diydoraziz.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Karimovning haydovchisi aytgan haqiqat (6-qism)