23:57 / 02.12.2016
5 008

Zidanning «klassiko» arafasidagi matbuot anjumanida bergan javoblari

Zidanning «klassiko» arafasidagi matbuot anjumanida bergan javoblari

Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Zaynidin Zidan «Barselona»ga qarshi 3 dekabr oqshomida bo‘lib o‘tadigan bahs oldidan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

– Bizni juda qiyin o‘yin kutmoqda. Ammo boshqa tomondan qaraganda, buni normal qabul qilish lozim, chunki «Barselona» dunyoning eng kuchli jamoalari sirasiga kiradi. «Real» bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Odamlar tomoshabop o‘yin ko‘rishni istashadi, ammo biz xotirjamlik va konsentrasiyani saqlab qolishimiz lozim.

– Sizni durang qoniqtiradimi?
– Biz o‘yinni yaxshi o‘tkazishni istaymiz. Eng asosiysi – g‘alabani mo‘ljal qilishimiz kerak, bu maqsaddan to‘xtasak, yutqazishimiz tayin.

– «Yil murabbiyi» bo‘lish uchun nomzodlar qatoriga kirganingizga qanday munosabatdasiz?
– Men har kuni nimadir o‘rganishga harakat qilaman. To‘g‘risini aytsam, men hali bu maqomga munosib emasman, murabbiylikda hali tajribam ko‘p emas. Bu dunyoda bu mukofot uchun loyiq kishilar juda ham ko‘p. Men o‘zim hali o‘sishda davom etishim kerakligini yaxshi bilaman. Men o‘z ishimdan rohat olaman va o‘rganishda davom etaman.

– «Real»ning «Barselona»ga qarshi o‘tgan mavsumdagi o‘yinini eslaylik. O‘shanda jamoa sizning boshqaruvingizda g‘alaba qozongandi.
– Bu butunlay boshqa o‘yin. Biz o‘shanda Barselonaga favorit sifatida yo‘l olmaganmiz. Hozirda barchasi o‘zgacha. Bu o‘yinni esdan chiqarib turishimiz kerak. Ammo, albatta, men jamoa o‘yinga o‘sha o‘yindagidek tayyor holatda bo‘lishini istayman.

– Karim Benzemaning o‘yinlari haqida nima deysiz?

– Barcha yaxshi biladiki, u jamoada muhim vazifalarni bajaradi. U maydonga chiqadi va hujum chizig‘i uchun keng imkoniyatlar hosil bo‘ladi. Benzema va Ronaldu kabi yigitlar hujumning istalgan nuqtasida erkin harakatlana olishadi. Shunday ekan, Benzema faqat foyda keltirmoqda, deyishim mumkin.

– Lionel Messiga qarshi chora o‘yladingizmi?

– Jamoamizga ochko kerak. Hozir «Real» «Barselona»dan 6 ochko oldinda, ammo bu bo‘shashish mumkin degani emas. Biz Messi kimligini va u nimalarga qodirligini juda yaxshi bilamiz. U dunyodagi eng kuchli futbolchilardan biri. O‘yin uchun reja ishlab chiqqanmiz, Lionelga o‘z o‘yinini ko‘rsatish uchun imkon bermaslik kerakligini bilamiz.

– O‘yin qanday hisobda yakunlanadi deb o‘ylaysiz?

– O‘yinda nimalar bo‘lishini bilmayman. Keling, o‘yin boshlanishini kutamiz. Bizning vazifamiz – g‘alaba. «Real» prognozlar bilan ish qilmaydi. Oldindan bashorat qilish yaxshi emas. Bizda yaxshi futbol namoyish etish uchun 90 daqiqa bo‘ladi.

– «Real» prezidenti Florentino Peres aytgandiki, qolgan hayotingizni Madridda o‘tkazasiz. Bu to‘g‘rimi?
– Ha, men shu shaharda butunlay qolishni istayman. Chunki, bu shaharda o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Umuman, menga butun Ispaniya yoqadi. Bu erda menga hamisha iliq munosabatda bo‘lishgan. Men mashhur futbolchi ekanimda bu shaharda hammaning e’tiborida edim. Endi murabbiy sifatida shunday bosim bilan yashayapman.

– «Barselona»ning joriy mavsumdagi o‘yinlarini qanday baholaysiz?
– Men boshqa jamoalar haqida o‘ylamayman. Aytishim bo‘lgani shuki, bunday klub istalgan raqib uchun muammolar tug‘dira oladi. Bu o‘yin oldidan favorit yo‘q. Imkoniyatlar 50ga 50.

– «Real»ning murabbiylar shtabi qanday reja tuzishga? Siz ko‘proq hujumda o‘ynaysizmi yoki ko‘proq himoyalanasizmi?

– Unisiyam emas, bunisiyam emas. Eng asosiysi – maydonga yaxshi ruhiyat bilan tushish. Bu zaxira o‘rindig‘idagilarga ham taalluqli.

– «Real» bu mavsumda mag‘lubiyat neligini bilmay kelmoqda…
– Buning hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Biz mashg‘ulotlarga jiddiylik bilan yondashmoqdamiz. Qolaversa, «Real»da dunyoning eng zo‘r futbolchilari to‘p suradi. Ularning barchasi haqiqiy professionallar. Bizda sovrinlar yutish uchun imkoniyatlar ko‘p. Sizning hayratingizni to‘g‘ri tushunaman, ammo men bunga e’tibor bermaganim ma’qul. Ha, bu ham bir yutuq. Bularning hammasi qat’iyatimiz evaziga.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Zidanning «klassiko» arafasidagi matbuot anjumanida bergan javoblari