14:24 / 29.12.2016
8 034

Soxta “Coca-cola” va “Fanta”lar fosh qilindi

Soxta “Coca-cola” va “Fanta”lar fosh qilindi

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumotlar asosida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Jizzax tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida soxta tadbirkorlar fosh qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasiga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.

Mazkur tumanda istiqomat qiluvchi K.Bekturdievning (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u o‘z xonadonida yashirin sex faoliyatini yo‘lga qo‘ygani aniqlandi. Bu erda qo‘lbola usulda oddiy ichimlik suviga turli sintetik aralashmalarni qo‘shilgan hamda hosil bo‘lgan suyuqlik kislorod balloni orqali gazlangan. So‘ngra “tayyor” mahsulot “Coca-cola”, “Fanta” kabi taniqli savdo belgilarining yorlig‘i tushirilgan 1,5 l. hajmdagi elim idishlarga quyilgan. Shu tariqa kontrafakt mahsulotlar savdo rastalariga yo‘l olgan va xaridorlarni aldash yo‘li bilan pullab kelingan.

Tezkor tadbir davomida ushbu “sex”da qiymati salkam 2 mln. so‘mlik qo‘lbola usulda tayyorlangan va tabiiyki, iste’molga yaroqsiz 124 dona “Coca-cola” va 210 dona “Fanta” kontrafakt ichimliklari, 1 dona kislorod balloni, turli kimyoviy aralashmalar va boshqa vositalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Shuningdek, Jizzax tumanida yashovchi yana bir fuqaro J.Boltaevaning ham qing‘ir qilmishlariga chek qo‘yildi. Amaldagi tartiblarga muvofiq va xolislar ishtirokida uning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, bu erda ham yashirin sex faoliyat olib borayotgani aniqlandi. Yuqoridagi “xamkasbi”dan farqli o‘laroq J.Boltaevaning tutgan yo‘li biroz boshqacharoq. U bozorda nisbatan arzon boshqa nomdagi, ya’ni “Aqua-cola” ichimliklarini “Coca-cola” idishlariga quyish va qo‘shimcha gazlantirish orqali qimmatroq pullash bilan shug‘ullanib kelgan.

Ushbu xonadondan, qiymati 1,2 mln so‘mdan ortiq qo‘lbola usulda tayyorlangan, iste’mol uchun yaroqsiz 213 dona “Coca-cola” ichimliklari va kislorod balloni ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Xabarda aytilishicha, hozirda mazkur holatlar bo‘yicha bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soxta “Coca-cola” va “Fanta”lar fosh qilindi