22:30 / 24.02.2017
8 612

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi

Qashqadaryoga safari davomida Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanida qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda “UZ24” xabar berdi.

“Nishon ko‘zgu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Qarshi shahrida chorva mollarini avtomatizasiyalashgan kushxona, go‘shtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilmoqda. Buning uchun xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatilgan. Zamonaviy kushxona va muzlatkich oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligi hamda xavfsizligini ta’minlaydi. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bunday kushxonalarni barcha hududlarda tashkil etish, veterenariya va sanitariya xizmatlarini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Yakkabog‘ tumanida tashkil etilayotgan “Qorabayir otchilik majmuasi” xo‘jaligi naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan. Majmuada 200 tagacha yilqi boqilib, ichki va tashqi bozorlarga sotiladi. Qirqdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari avval Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi loyihasini ko‘zdan kechirdi. Ikki ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksi nafaqat viloyat, balki mamlakatimizning boshqa hududlari aholisini ham go‘sht va sut bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan loyihani kelgusi yilning birinchi choragida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Majmua qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar etishtirish uchun 750 gektar er maydoni ajratiladi. Bu erda yiliga 4 ming 280 tonna sut va 210 tonna go‘sht etishtirish, 140 ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz chorvachilik kompleksiga xorijdan nasldor qoramollar olib kelish, ularni zarur texnologiyalar asosida parvarishlash, etishtirilgan mahsulotni shu erning o‘zida qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Mutaxassislarga zarur tavsiyalar berdi.

Qamashi tumanida 5 ming bosh kurka boqishga mo‘ljallangan majmua tashkil etiladi. Zamonaviy texnologiyalar o‘rnatiladigan majmuada yiliga 20 ming bosh kurka jo‘jasi etishtirilib, aholiga etkazib beriladi. Uni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish, 30 ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda.

Prezidentimiz mazkur loyiha har bir xonadonga 100 tadan jo‘ja tarqatish va oilalar daromad manbaini yaratishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Tallimarjon suv omborining tabiiy havzasida baliq etishtirish loyihasi bilan ham tanishdi.

Yangi agrofirma viloyatdagi baliqchilik xo‘jaliklariga o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi uchun mashina-mexanizm xizmatlari, baliq uvildiriqlari, omuxta em etkazib beradi. Etishtirilgan baliqni sotish yoki qayta ishlashni tashkil etishda ham ko‘maklashishi ko‘zda tutilgan.

Agrofirmada baliq uvildiriqlari etishtirilib, suv omboriga o‘tkaziladi. Bu erda baliq chavoqlari etishtiruvchi inkubasion sex, 600 tonnalik muzlatkich, baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona, 800 tonna maxsus omuxta em ishlab chiqaruvchi sex tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yiliga 500 tonna baliq qayta ishlovchi agrofirmada 90 ish o‘rni tashkil etiladi.

Qashqadaryo viloyatida yil bo‘yi baliq boqish, ko‘paytirish va aholiga etkazib berish, eksportni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi. Bunday agrofirmalar ushbu sohani yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mamlakatimizning oziq-ovqat dasturi rivojiga muhim hissa qo‘shishi qayd etildi.

Qamashi tumanida quyon etishtirish, quyon go‘shti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xo‘jalik tashkil etilmoqda. “Qamashi momiq quyonlari” agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming bosh quyon etishtirilib, yiliga 120 tonna go‘sht va 40 ming dona jun tayyorlanadi.

Xo‘jalikda 30 kishi ishlaydi. Bundan tashqari, quyonlar 500 xonadonga tarqatiladi. Aholi parhez go‘sht va qo‘shimcha daromad bilan ta’minlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi sohasidagi loyihalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi