11:39 / 15.12.2016
7 385

Mirziyoyev: Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, bojxona tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaxshilash choralari ko‘riladi

Mirziyoyev: Moliya vazirligi,  Iqtisodiyot vazirligi, bojxona tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaxshilash choralari ko‘riladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida oldinda turgan vazifalar haqida gapirdi, deb yozmoqda Kun.uz sayti.

Aziz do‘stlar!

Ma’lumki, Konstitusiyamizning 98-moddasiga muvofiq, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning ustuvor vazifalarini muvaffaqiyatli hal etish uchun javobgarlik Vazirlar Mahkamasi, hukumatning har bir a’zosi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Bu, birinchi navbatda, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan yuksak darajadagi shaxsiy mas’uliyatni, shuningdek, ularning zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va to‘liq bajarishni talab etadi.

Shu munosabat bilan bir taklif kiritmoqchiman. Ya’ni, Oliy Majlis palatalarining 2015 yil 23 yanvardagi va joriy yilning 8 sentyabrdagi qo‘shma majlislarida taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining harakat dasturini yanada aniqlashtirib, hozirgi talablardan kelib chiqqan holda, unga qo‘shimchalar kiritish lozim. Bu – kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.

Umid qilamanki, bugungi majlisimizning ikkinchi qismida Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatiladigan yangi nomzod ushbu dasturning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari to‘g‘risida axborot beradi.

Bu borada asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi strategik yo‘nalishlarga qaratish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Birinchidan, iqtisodiyotimizda yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlik va milliy valyutamizni yanada mustahkamlashni ta’minlash.

Ikkinchidan, mamlakatimiz hududlarini, ya’ni shahar, tuman va mahallalarni, ayniqsa iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda nisbatan orqada qolayotgan tuman va shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish.

Uchinchidan, aholining real daromadlarini, turmush darajasi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish.

Hukumat va shaxsan uning yangi rahbariyati faoliyati samarasini biz aynan shu mezonlar asosida baholashimiz zarur.

Shu maqsadda yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Bunday o‘zgartirishlardan asosiy maqsad – to‘plangan tajriba asosida va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan keng ko‘lamli yangi vazifalarga muvofiq, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining eng optimal va samarali tizimini ishlab chiqishdan iborat.

Ana shu tizim markazida nafaqat iqtisodiyotning tayanch tarmoqlarini, balki, eng avvalo, hududlarni kompleks rivojlantirish va mamlakatimiz barcha fuqarolarining hayotiy manfaatlarini ta’minlashga va ularning daromadlarini ko‘paytirishga doir istiqboldagi muhim vazifalar turishi kerak.

Oldimizda markaziy boshqaruv organlari – Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, bojxona tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham turibdi.

Mamlakatimiz bank tizimi va bozor infratuzilmasining boshqa organlari faoliyati samaradorligini oshirish ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ularning faoliyati bugungi hayot va iqtisodiy islohotlar talablaridan ancha ortda qolmoqda. Shuning uchun biz bugungi yig‘ilishimizga barcha yirik tijorat banklari rahbarlarini ham taklif etganmiz. Ularning bosh vazifasi – bundan keyin o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirib, fuqarolarimiz va tadbirkorlarning haqiqiy ishonchini qozonishga va ularga haqiqiy ko‘makdosh bo‘lishga erishishdan iborat.

Shu bois davlat banklari oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilmoqda. Ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak.

Shu maqsadda tijorat banklari va ularning joylardagi filiallari, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak va madad berishni zimmasiga oladi.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, banklar endi xalqimizni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatishi va shunga etaklashi lozim bo‘ladi.

Shunda odamlar bog‘dorchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko‘rsatish, servis va boshqa sohalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, kichkina bo‘lsa ham o‘zining korxonasini tashkil etib, qonuniy asosda daromad topadi, o‘zini ham, oilasini ham moliyaviy jihatdan mustahkamlab, mahallamiz, tumanimiz va shahrimiz, viloyatimiz va mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shadi.

Bu siyosatning asosiy maqsadi shundan iboratki, biz har bir fuqaro o‘zining kuch va imkoniyati, qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng sharoit va imkoniyat yaratib berishimiz kerak.

Mana, 2016 yil yakuniga etishiga ham 15 kun vaqt qoldi. Biz yilni muvaffaqiyatli yakunlash, belgilangan maqsadlarga erishish, yangi – 2017 yilda mamlakatimiz barqaror rivojlanishi va jadal o‘sish sur’atlarini ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida barcha vositalarni safarbar etishimiz lozim.

Vazirlar Mahkamasi rahbariyatidan bu vazifalarni har tomonlama puxta bajarishni va kelgusi yil yanvar oyida o‘tkaziladigan Hukumat majlisida bu haqda batafsil hisobot berishni so‘rayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev: Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, bojxona tizimi va boshqa idoralar faoliyatini tubdan yaxshilash choralari ko‘riladi