12:26 / 14.12.2016
7 780

Islom Karimovning eng so‘nggi inaugurasiya marosimida so‘zlagan nutqi

Islom Karimovning eng so‘nggi inaugurasiya marosimida so‘zlagan nutqi

Aziz vatandoshlar, muhtaram Oliy Majlis deputatlari!

Qadrli mehmonlar!

Avvalo, siz, hurmatli Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolariga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga murojaat qilib, mening O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lib saylanishimga o‘z ishonchini bildirgan yurtdoshlarimga o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etishdan baxtiyorman.

Ayni shu fursatdan foydalanib, siz, azizlarimga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirib, hammangizga sog‘lik-omonlik, baxt-saodat tilayman, qalbimdagi eng ezgu orzu-tilaklarimni qabul qilishingizni so‘rayman.

Menga bildirilgan ishonchni o‘zim uchun avvalo ulkan mas’uliyat va katta sharaf deb bilaman va yana bir bor aytmoqchiman – bunday yuksak, hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan xalq ishonchini oqlashga, bajo keltirishga butun borlig‘imni safarbar qilaman.

Qadrli do‘stlar!

Biz eski, o‘zini oqlamagan mustabid, zo‘ravon tuzumdan butunlay voz kechib, taqdirimizni o‘z qo‘limizga olib, biz uchun yangi demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, hech kimdan kam bo‘lmaydigan ozod va obod hayot qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yib, amalga oshirayotgan qat’iy o‘zgarish va islohotlar natijasida bugun erishayotgan yuksak marra va yutuqlarimizni hech kim inkor etolmaydi.

- Bularning asosiy omili va mezoni sifatida, hech shubhasiz, biz tanlagan va dunyoda “o‘zbek modeli” deb nom olgan, mashhur besh tamoyil – prinsipga asoslangan, tadrijiy – evolyusion, bosqichma-bosqich rivojlanishning O‘zbekiston yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi tasdiqlab bermoqda.

- Bu modelning afzalligi va bugun o‘zini butunlay oqlaganini O‘zbekistonga xos bo‘lgan turli tabiiy, tarixiy, milliy, demografik va ekologik xususiyatlarni to‘la hisobga olganida ko‘ramiz.


Misol uchun, qishloq xo‘jaligini oladigan bo‘lsak, bu sohada arenda – ijara mulkiga asoslangan fermerlik harakatini rivojlantirishga katta e’tibor berganimiz, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganimiz evaziga bu harakat, hech shubhasiz, yaqin tariximizda o‘chmas iz bo‘lib qoladi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Fermer xo‘jaliklarimiz bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nafaqat 90-92 foizini ishlab chiqarmoqda, balki qishloq hayotining taraqqiyotini o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy-siyosiy harakatga aylanib bormoqda.

Yoki bugungi kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 56 foizini ishlab chiqarayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik haqida gapiradigan bo‘lsak, hozirgi vaqtda ish bilan band aholimizning 75-77 foizi bu sohada mehnat qilmoqda.

O‘z-o‘zidan ayonki, ko‘p narsadan dalolat beradigan ana shunday ko‘rsatkich va raqamlar biz olib borayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ertangi kunimiz, taraqqiyotimiz yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lishi muqarrar.

Shuni to‘liq asos bilan aytishimiz mumkin – ayni shu kabi islohotlarni amalga oshirish hisobidan biz O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashga erishmoqdamiz. Ya’ni, oxirgi 10 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 8 foizdan oshib kelayotgani va 2015 yilda ham – shunga ishonchimiz bor – bundan kam bo‘lmasligini inobatga olsak, barcha narsa o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Bunday yutuqlarning sabablarini biz avvalo mard va matonatli, ko‘pni ko‘rgan xalqimizning, odamlarimizning dunyoqarashi, siyosiy ongi va saviyasi tobora yuksalib borayotganida ko‘ramiz. Va eng muhimi, buning sababi bugungi kunda hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan, Vatanimizning ertangi kuni uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan navqiron yoshlarimizni biz o‘zimizning ishonchimiz, tayanchimiz va suyanchimiz deb bilganimizdadir.

Ammo shular haqida so‘z yuritar ekanmiz, bir achchiq haqiqatni esimizdan chiqarmasligimizni istar edim. Agarki biz erishgan yutuq va marralarimiz bilan chegaralanib, xotirjamlik, havolanish va beparvolik kayfiyatlariga berilib ketsak, bunday holat barchamiz yo‘l qo‘ygan, kechirib bo‘lmaydigan katta xatoga aylanib ketishi mumkin.

Biz XXI asrda – intellektual mehnat va internet davrida, globallashuv zamonida yashayotganimizni, hayot taraqqiyoti hech qachon bir joyda to‘xtab turmasligini unutmasligimiz zarurligini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Buning ustiga, jahon miqyosida iqtisodiy-moliyaviy inqiroz davom etayotgani, raqobat, qarama-qarshilik tobora beshafqat tus olayotgani, radikalizm, terrorizm, ekstremizm kabi tahdidlar kuchayib borayotgani barchamizdan avvalo bir yoqadan bosh chiqarib, safarbarligimizni yanada oshirishni talab qiladi.

Shu borada amalga oshirayotgan ishlarimiz qatorida hayotimizni keskin o‘zgartirayotgan demokratik islohotlarni tezlashtirish, ularning samarasini oshirish bugungi kunda, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifamizga aylanmoqda, desam, yanglishmagan bo‘laman.

Shular haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo, biz uchun to‘siq bo‘lib turgan, eski mustabid tuzumdan qolgan asoratlarga barham berish va bugun hamon o‘z echimini kutayotgan turli muammolarni hal qilishimiz, qabul qilgan qonunlarimizni izchil amalga oshirish, olib borayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Shu jumladan, birinchi navbatda, axborot va so‘z erkinligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va himoyalash kabi islohotlarni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish – aytish mumkinki, bu sohalarda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p.

Hech kimga sir emas, iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini ta’minlamasdan turib, ya’ni, ishlab chiqarish soha va tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilmasdan, texnologik va texnik nuqtai nazardan yangilamasdan turib, biz ishlab chiqaradigan mahsulotlarni jahon bozori, ertaga esa ichki bozorimiz ham qabul qilmaydi.

Bu haqiqat hammamizga ayon bo‘lishi kerak.

Shuning uchun ham ertangi kunni, kelajak istiqbolimizni o‘ylaydigan bo‘lsak, bugun iqtisodiyotimizda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, avvalambor, tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yangi, zamon talab qiladigan darajaga ko‘tarish masalasini hal qilmasdan turib, ochiq aytishimiz kerak, biz o‘z maqsadlarimizga – taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarilishimiz haqida gapirishning hojati qolmaydi.

- Birinchi navbatda Konstitusiyamizda muhrlab qo‘yilgan ko‘p tarmoqli iqtisodiyotimizning ustuvor sohasi bo‘lmish xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik yo‘lidan barcha g‘ov va to‘siqlarni yo‘q qilish – biz uchun hal qiluvchi, ustuvor vazifaga aylanishi darkor.

Aytish kerak – o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda xususiy mulk va mulkdorlarni himoyalashga qaratilgan ishonchli me’yoriy-huquqiy asos va kafolatlarni, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka zarur sharoit va imtiyozlarni yaratib berish bo‘yicha ko‘pgina ishlar bajarildi va bajarilmoqda. Lekin, ming afsuski, xususiy mulkning davlat mulkiga nisbatan ustuvorligi barchamiz uchun ayon bo‘lishiga qaramasdan, bu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlarimiz, avvalo, mulkdorlarga erkinlik berish masalalari to‘la echilmayapti, o‘zining kutilgan samarasini bermayapti.

Shuning uchun ham iqtisodiyotimizda davlatning ulushi va o‘rnini strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirishimiz darkor.

- Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – ma’muriy-buyruqbozlik tizimining hamon saqlanib qolayotgan har qanday shakllaridan voz kechib, davlat organlari, biznes va xususiy sektor o‘rtasidagi vazifa va vakolatlarni aniq belgilab qo‘yishimiz, savdo operasiyalarini, chakana savdodan tashqari, asosan birja orqali amalga oshirish tizimiga o‘tishimiz kerak.

Shular qatorida korporativ yoki aksiyadorlik birlashmalari faoliyatiga ham ko‘pgina xorijiy firma va kompaniyalar tajribasi asosida tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarur.

Bu boradagi amaliy tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda mahalliy aksiyadorlar bilan birga, chet ellik investorlarning ham aksiyalarga ega bo‘lishi mulkchilikning eng ma’qul, samarali, o‘zini oqlayotgan yo‘lidir. Buning afzalligi shundaki, xorijlik aksiyadorlar – muassislar qo‘shma korxonalarga avvalo ilg‘or, yuqori texnologiyalarni olib kelish bilan birga, ishlab chiqarishni zamonaviy asosda tashkil etish va boshqarishni joriy etadi.

Shu asnoda biz xorijiy davlatlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ochiqligimizni bildirib, bu borada yangi yo‘l va imkoniyatlar ochib berishga tayyormiz, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

Bugungi kunda amalga oshirayotgan va 2015 yil hamda kelgusi yillar uchun belgilab olgan ayni shunday islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini davom ettirishimiz, hech shubhasiz, davlat boshqaruvi tarkibini va iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini yangi bosqichga ko‘tarishga, jahon miqyosida O‘zbekistonimizning munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladi.

Qadrli do‘stlarim, yurtdoshlarim!

Ruxsatingiz bilan yana bir o‘ta muhim va barchamizni o‘ylantiradigan masalaga to‘xtalib o‘tishni zarur, deb bilaman. Ya’ni, bugungi kunda barchamiz qanday o‘ta tahlikali, tobora keskinlashib borayotgan, turli xavf-xatarlarni olib kelishi mumkin bo‘lgan zamonda yashamoqdamiz.

Ayni shunday vaziyatni hisobga olib, bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni, xalqimizning osuda hayotini, chegaralarimizning daxlsizligini asrash maqsadida biz uzoq va yaqin atrofimizdagi barcha davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni o‘zimizning eng ustuvor vazifamiz, deb bilishimiz kerak.

- Yana va yana bir bor aytishni o‘zimning burchim, deb bilaman – O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi, o‘z hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirishga, bizning harbiylarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi.

Bugun yaqin atrofimizda vujudga kelayotgan o‘ta murakkab vaziyatda ayni shunday yo‘lni, shunday siyosatni biz uchun eng to‘g‘ri, eng ma’qul, deb bilamiz. Ilgari ham aytganimdek, bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak, buning uchun kurashishimiz kerak.

Fursatdan foydalanib, bizga yaqindan yordam va ko‘mak berib, hamkorlik qo‘lini uzatib, doimo xayrixoh bo‘lib kelayotgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga, ularning mana shu zalda o‘tirgan vakillariga, barcha chet ellik mehmonlarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etishga ruxsat bergaysiz.

Mening O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan o‘z tabrik va qutlovlarini yo‘llagan barcha davlat rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

- Menga yuksak ishonch bildirgan ona xalqimga bosh egib, yana va yana bir bor ta’zim qilaman.

Mana shunday olijanob, bag‘rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish – men uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir.

Doimo sog‘-omon bo‘linglar, qadrdonlarim!

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqi

Toshkent, 2016 yil 10 aprel

Manba: Tafsilot.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Islom Karimovning eng so‘nggi inaugurasiya marosimida so‘zlagan nutqi