20:57 / 27.02.2017
6 495

O‘zbekistonlik yosh ixtirochi zaharli gazdan kislorod olish yo‘lini kashf etdi

O‘zbekistonlik yosh ixtirochi zaharli gazdan kislorod olish yo‘lini kashf etdi

Qashqadaryolik Feruz Murodinov zavod, korxona va avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazni qayta ishlab, uni kislorodga aylantirib beruvchi qurilma ixtiro qildi. Bu haqda “Sulaymon Haydarov”ga tayanib “Kun.uz” xabar bermoqda.

Qurilma ob’ektdan chiqayotgan zaharli SO2 gazini to‘sib, uni kislorodga aylantirish bilan bir qatorda sarf bo‘layotgan yonilg‘ini bir necha barobar tejab qoladi. Foydali ish koeffisienti o‘n baravar ortadi, ya’ni 10 litr yonilg‘i sarf bo‘ladigan ish 1 litr yonilg‘i bilan bajariladi. Shuningdek, avtomatik tarzda filtrni almashtiradi va havodagi changni tozalab, tashqariga haydab chiqaradi. Qurilmaning to‘rt xil turdagi reaktiv yonilg‘i turi bilan ishlashi esa, har tomonlama qulaylik va yengillik yaratadi.

— Ushbu qurilmani yaratish g‘oyasi 8-sinfdaligimda paydo bo‘lgan, — deydi Feruz Murodinov. — Kimyo darsligining so‘nggi sahifasida D.Mendeleevning kimyoviy elementlar davriy jadvalini o‘rganish chog‘ida organik moddalarning tabiatda tutgan o‘rni hamda zaharli gazlarning jamiyatga keltiradigan zarari va buning natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar ushbu loyihaga qo‘l urishimga turtki bergan. Bunda dastlab, menga otam va maktabdagi ustozim Sa’dulla Bo‘taev yaqindan yordam berishdi. Qilgan har bir ishim ularning fikri bilan boyib bordi. Besh yil deganda qurilma loyihasi yakuniga etdi. Endi faqatgina qurilmani yasab, uni ishga tushirish qoldi, xolos. Dvigatel zavodlarda asosiy zaharli gaz chiqish joyi hamda avtomobillarning glushiteliga (shovqinni pasaytiruvchi moslama - tahr.) o‘rnatiladi. Uning afzalliklari ko‘p. Yonilg‘ini tejash, mashina ichidagi havodan changni ajratib, tashqariga chiqarib yuborishda ham foydalanish mumkin.

Ma’lumotlarga qaraganda, inson bir kecha-kunduzda o‘rtacha 1,5 kilogramm oziq-ovqat, 2,5 litr suv iste’mol qiladi. Odam o‘pkasi esa bir sutkada 13 kubometr havoni yutib chiqaradi. Odam ovqat emasdan bir oy, suvsiz uch kun yashashi mumkin. Biroq havosiz ikki-uch daqiqadan ortiq yashay olmaydi.

Bundan tashqari, transport vositalaridan chiqadigan is gazi o‘simlik va hayvonot dunyosi, suv va tuproqni ham zararlaydi. Ifloslangan havo ta’sirida o‘simliklarda modda almashinuvi buziladi, ekinlar va mevali daraxtlar kamhosil bo‘lib qoladi. Bugina emas, is gazi tabiatdagi fotosintez jarayoniga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.

Ma’lumot o‘rnida: Feruz 1996 yilda Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida To‘raqul Do‘stov va Maxfirat Ibrohimova xonadonida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, 2011 yilda Chiroqchi yengil sanoat kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirdi. 2013 yilda Feruz ushbu loyihasi bilan «Yurt kelajagi» iqtidorli yoshlar tanlovining respublika bosqichida ishtirok etib, g‘olib deb topildi va diplom bilan taqdirlandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbekistonlik yosh ixtirochi zaharli gazdan kislorod olish yo‘lini kashf etdi