20:35 / 04.01.2017
7 404

Milliarderlar nima uchun xayriya bilan shug‘ullanishadi?

Milliarderlar nima uchun xayriya bilan shug‘ullanishadi?

Xayriya faoliyati bo‘yicha maslahatchi va yozuvchi Jenni Santi boylikka ega bo‘lishdan ko‘ra, u bilan bahramand bo‘lish insonga qanchalar foyda keltirishi haqida fikr yuritdi, deya yozadi Kun.uz sayti.

“Uzoq yillar davomida jamiyatning turli qatlamlaridagi xayriya bilan shug‘ullangan yuzlab kishilarning g‘oyalarini yig‘dim – ular orasida ajoyib tadbirkorlar, talabalar, mehnatni yaxshi ko‘ruvchi faollar, ko‘ngillilar va hattoki kichik yoshdagi bolalar ham bor edi. Ularning barchasi ma’lum miqdordagi o‘z mablag‘laridan yurakka yaqin bo‘lgan nimanidir bo‘lishish istagida voz kechishgan. Ularni kuzatgach, siz o‘z pullaringiz bilan bo‘lishsangiz, qalbingizdan nimalar kechishini bilib oldim. Demak xayriya maqsadida mablag‘ beruvchi milliarderlar:

1. Rohat oladi

Men faollar va xayriyachilardan o‘z pullarini urushga, turli dori vositalarini jonivorlarda sinab ko‘rishga qarshi yoki inson huquqlariga bog‘liq targ‘ibot ishlari bilan shug‘ullanuvchi loyihalarga berishsa, qalblaridan nima kechishiga qiziqdim. Faol hayotiy pozisiyasiga ega bo‘lgan kishilar o‘zlarini baxtli his qiladi va g‘am-g‘ussadan aziyat chekishmaydi.

2. Ko‘plab ajoyib insonlarni uchratish imkoni

MTV asoschilaridan biri Tom Freston ko‘ngillilar ishi haqida shunday fikrlarni bildirib o‘tgan: «Bitta eshik 10 ta eshikni ochadi. Xayriya ishi mening do‘stlarim safini ajoyib insonlar bilan yanada to‘ldirdi».

3. Shaxsiy muammolarni bartaraf etish mumkin

«Yashirin alkogoliklar» guruhi ishtirokchilari orasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, ularning boshqalarga yordam beradiganlari dastur boshlanganidan bir yil o‘tib ikki marotaba ko‘proq hushyor bo‘lishar ekan. Ruhshunoslarning ma’lum qilishicha, bu «jarohat olgan tabib prinsipi» deb ataladi. Biz boshqalarga yordam berganda, o‘zimizga ham ko‘mak berishimizni unutmang.

4. Boyroq bo‘lish

Ba’zi bir hollarda o‘z pullarini bemalol beruvchi kishilar yanada boyib ketishiga guvoh bo‘lamiz. Shunday insonlardan bir nechtasining hikoyasini keltiramiz. Asli kelib chiqishi sudanlik bo‘lgan britaniyalik telekommunikasion magnat Mo Ibrohim: «Hamma biz bilan hamkorlik qilishni istaydi. Sizda xuddi ishonch sertifikati paydo bo‘lgandek. Ko‘plab korxonalar siz bilan ish yuritishni istab qoladi», deydi. CNN asoschisi Ted Terner esa shunday fikrlarni bildirib o‘tgan: «Saxiylikni ko‘rsatib, siz o‘zingizni ajoyib his qilasiz. Har doim pullarni shamolga sochib yuborganimdek tasavvur uyg‘onganida, qandaydir g‘ayritabiiy usul bilan yanada ko‘proq mablag‘ni qabul qilib olaman». Xej-fond asoschisi, milliarder Bill Ekman esa shunday degan: «Berish menda daromad olish hissini keltirib chiqarmaydi. Men xayriya faoliyati moliyaviy daromad keltirganiga aminman. To‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki hayotimda uchratgan kishilar, g‘oyalar va turli tajribalar orqali. Ko‘plab do‘stlarim, sheriklarim va maslahatchilarimni aynan xayriya orqali topganman. Ularning maslahati, fikrlari va qo‘llab-quvvatlovi juda ham muhim bo‘lgan. Kishi qanchalik ko‘p bersa, uning hayoti shunchalik boyib boraveradi».

5. Hayotdan mamnun bo‘lish

Ekman: «Uzoq yillar davomida xayriya faoliyatimdan kelgan ruhiy va emosional foyda juda katta. Boshqalarga qanchalik ko‘p qilsam, o‘zim ham shunchalik baxtli bo‘laman. O‘zgalarga ko‘mak berib baxtli bo‘ldim». Bloomberg asoschisi Maykl Blumberg: «Kishilar hayotini o‘zgartirish va natijani o‘z ko‘zim bilan ko‘rish – bu hayotda eng katta rohat keltiruvchi narsa. Agarda siz hayotdan lazzat olishni istasangiz – o‘zingizda bo‘lgan narsani boshqalar bilan bo‘lishing». Milliarder, xej-jamg‘arma asoschisi Jon Arnold: «Bundan ham buyukroq missiya va minnatdorlik tuyg‘usini keltiruvchi ish yo‘qdir». Mobil uskunalar do‘konlar tarmog‘i asoschisi Jon Kauduell: «Xayr-ehson menga pul ishlab topishdan ham ko‘proq rohat olib keladi. Rostini aytsam, ko‘proq mablag‘ topish xayriyaga qancha pul qoldirishim sabab muhimdir». Milliarder, xej-jamg‘arma asoschisi Tom Steyer: «Albatta, bu bizga baxt tuyg‘usini taqdim etuvchi ishdir... tushunish, sevish, qurbon qilish va kechirish barcha egoistik tuyg‘ulardan yuqori turadi».

6. O‘zligini topish

Maslou piramidasi haqida eshitgan barcha kishilar, u inson talablarining eng yuqori cho‘qqisi – hayotdagi o‘z o‘rnini topish, deb hisoblaganidan xabarlari bor. Inson hayotdagi o‘z o‘rnini topish uchun ishlaydi. Biroq, Maslou 60-yillarning oxirida o‘z modelini yakuniga etkazib qo‘ygan. Qayta ko‘rib chiqilgan versiya keng jamoatchilikka oshkor etilmadi, sababi Maslou o‘z ishini qayta ko‘rib chiqqanidan so‘ng yurak xurujini boshidan o‘tkazib, vafot etgan. Yangi modelda piramida tepasiga shaxsiy manfaatlardan tashqariga chiqish qo‘yilgan. Maslou 1966 yilning oktyabrida shunday deb yozgan: «boshqa kishilarning manfaati ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak». Inson motivasiyaning bu darajasida o‘zgalarga xizmat qilish uchun o‘z talablarini chetga surib qo‘yadi. Bu g‘oyalar ko‘plab ilmiy tadqiqotlar bilan mustahkamlangan. Ulardan biri 2009 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, unda nemis ruhshunosi Malte Klar va amerikalik professor Tim Kasser xayriya ishlariga jalb etilgan kishilarning his-tuyg‘ulari yurakdan keluvchi ko‘plab talablarga mos kelishi haqidagi xulosaga kelishdi. O‘z vaqtingiz, pulingiz yoki qobiliyatingizni o‘zingizga befarq bo‘lmagan narsa bilan bo‘lishishingiz ancha yengil kechadi va natijadan mamnun bo‘lasiz. Yo‘lingizdagi eshiklar o‘z-o‘zidan ochilib, imkoniyatlaringiz yanada kengayadi va siz bilan avval hech ham o‘ylamagan narsalar sodir bo‘la boshlaydi.

Biroq, ming afsuski g‘arb dunyosidagi boylarning juda kamchiligi bu ishlarning Yaratganing roziligi va ajri uchun qilishadi...

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Milliarderlar nima uchun xayriya bilan shug‘ullanishadi?