18:38 / 20.10.2016
12 047

Boylarning foydali odatlari

Boylarning foydali odatlari

“Boylarning o‘z odatlari bor” deb o‘ylaydi oddiy odamlar. Va ular haq. Aynan ana shu odatlar ularni boylarga aylantiradi.

Amerikalik Tomas Korli yaqinda “Rich Habits: The Daily Success Habits Of Wealthy Individuals” deb nomlangan kitobini nashr ettirdi. Ushbu kitob ko‘p yillik tadqiqotlar asosidagi xulosalar asosida yozilgan.

Besh yil davomida o‘tkazilgan tadqiqotlar jarayonida 200 nafardan ortiq puldor insonlar kuzatuvda bo‘lgan. Kuzatuv ostidagilarni tanlashda yiliga 160 ming dollardan ko‘proq pul topadiganlar toifasiga e’tibor qaratilgan. Taqqoslash uchun ikkinchi guruh ham tanlab olingan: ularning yillik daromadi 35 ming dollardan kam edi. Ushbu ikki toifadagi kishilarning hayot tarzini solishtirish asnosida ularning kundalik odatlarida sezilarli farq borligi aniqlandi.

Korli o‘z kitobida puldorlar guruhida uchraydigan va kam pul topadiganlar orasida deyarli uchramaydigan qator xususiyatlarni qayd etadi. Mana, ularning ayrimlari.

Boylar hamisha o‘z maqsadlarini yodda tutishadi
Pulni ko‘p topadiganlar hech qachon o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlarini unutishmaydi va bu maqsadga erishish uchun har kuni harakat qilishadi. Ular hattoki bir necha yilga reja tuzishlari va hayot tarzini shu reja asosida olib borishlari mumkin. Boylarning 62 foizi hech qachon o‘z maqsadlarini unutmasliklarini ta’kidlashgan bo‘lsa, ikkinchi guruhda bunday kishilar 6 foizni tashkil etgan.

Ular bugun nima ish bilan mashg‘ul bo‘lishlarini doimo bilishadi
Moliyaviy ta’minlangan kishilarning 81 foizi o‘z vaqtini samarali tashkil etish uchun ro‘yxatlar tuzishadi. Ular kunlik mashg‘ulotlarini yozib qo‘yishadi va shu asosda harakat qilishadi. Kam pul topadiganlarning esa atigi 19 foizigina rejalashtirishning ahamiyatini tushunadi.

Boylar televizor ko‘rishmaydi
Puldorlarning 67 foizi kun davomida televizor ko‘rish uchun bir soatdan kam vaqt sarflaydi. Kambag‘allar orasida esa bu raqam 23 foizni tashkil etadi.

Ular kitob o‘qishadi, lekin vaqt o‘tkazish uchun emas
Boylarning 86 foizi kitob o‘qishni yaxshi ko‘rishini ta’kidlaydi va kam ta’minlanganlarning 26 foizi ham mana shunday fikrda. Faqat gap ularning qanday mavzudagi kitoblarni o‘qishida. Puldorlarning 88 foizi kuniga kamida yarim soat o‘z malakalarini oshiradigan adabiyotlarni o‘qishadi. Pulsizlarning esa atigi 2 foizigina shunday yo‘l tutishadi.

Ular o‘zlarini to‘laligicha ishga bag‘ishlashadi
Birinchi guruhdagilar hayotda ko‘p narsaga erishgan bo‘lishsa-da, ishlashdan charchamaydilar. Ularning 81 foizi ish vaqtidan tashqari ham ishlashlarini bildirishgan. Kam pul topuvchilarning 17 foizdan ozrog‘i ish vaqtidan keyin ham ishlar ekan.

Ular omadga ko‘p ham umid qilishmaydi
Kam ta’minlanganlarning 77 foizi ba’zan turli lotereya va yutuqli o‘yinlarda omadlarini sinab ko‘rishadi. Boylarning atigi 6 foizi omadlarini sharcha va raqamlardan qidirishadi.

Boylar o‘z sog‘liklariga e’tibor berishadi
Tadqiqotlarda ishtirok etgan boylarning 57 foizi eydigan taomlaridagi kaloriyaga e’tibor berishlarini aytishgan bo‘lsa, bu savol ikkinchi guruhdagilarning 5 foizinigina qiziqtirishi ma’lum bo‘ldi.

Sanab o‘tilgan odatlar sizning boyishingizga kafolat bermaydi. Lekin shunisi aniqki, bu odatlar sizni muvaffaqiyat sari etaklaydi. Bu odatlarga o‘rganish har kimning qo‘lidan keladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boylarning foydali odatlari